Ali Zairov

Haqiqiy yomonlik nima?

1 iyl 2026  ·  2 daqiqa o'qish  ·  0 ko'rish

O‘zgarib turadigan narsalar insonni o‘z-o‘zidan yaxshi yoki yomon qilib qo‘ymaydi.

Pul inflyatsiya yoki noto‘g‘ri qaror sabab kamayishi mumkin. Mansab rahbariyat almashgani uchun ketishi mumkin. G‘alaba kuchliroq raqib sabab qo‘ldan chiqishi mumkin. Mashhurlik esa yangi trend kelishi bilan so‘nadi.

Demak, bularning hech biri doimiy emas. Doimiy bo‘lmagan narsani esa insonning haqiqiy qiymati deb bo‘lmaydi.

Kambag‘allikning o‘zi yomonlik emas. U bir odamni sabrli, kamtar va mehnatkash qilishi mumkin. Boshqa odamni esa hasadgo‘y, norozi va alamzada qilishi mumkin.

Boylik ham o‘z-o‘zidan yaxshilik emas. Bir odam boyligini boshqalarga yordam berishga sarflaydi. Boshqasi esa boyligi sabab kibrlanib, odamlarni mensimay qo‘yadi.

Demak, insonni boylik yoki kambag‘allik emas, ularga bo‘lgan munosabati yaxshi yoki yomon qiladi.

Kasallik odamni qiynaydi, ammo uni majburan yomon odamga aylantirmaydi. Kasal inson sabrli va muloyim bo‘lib qolishi ham, jahldor va noshukur bo‘lib qolishi ham mumkin.

Tanqid odamni xafa qiladi, lekin uni majburan hasadgo‘y yoki qasoskor qilmaydi. Biri tanqiddan saboq oladi, boshqasi esa tanqid qilgan odamdan nafratlana boshlaydi.

Mag‘lubiyat ham insonning yomonligini anglatmaydi. Bir odam yutqazgach, xatosini tan olib, yanada yaxshi tayyorlanadi. Boshqasi esa aybni atrofdagilarga yuklaydi va bahona qiladi.

Shuning uchun bizni voqealarning o‘zi emas, ularga bergan javobimiz shakllantiradi.

Adolat — tashqi holat emas, insonning tanlovidir. Shu sabab adolat bilan ish tutgan odam yaxshilik qilgan bo'ladi.

Yolg‘onchilik ham tashqi holat emas, insonning tanlovidir. Shu sabab yolg‘onni tanlagan odam yomonlik qilgan bo'ladi.

Pul, mansab, sog‘liq, obro‘, g‘alaba va mashhurlik o‘zgaruvchan. Ular bugun bor, ertaga yo‘q bo‘lishi mumkin. Ammo halollik, adolat, sabr va jasorat insonning o‘z tanloviga bog‘liq.

Shu sabab o‘zgarishlar hisobiga mavjud bo‘lgan narsalar chinakam ma’noda yaxshi ham, yomon ham bo‘la olmaydi.

Haqiqiy yaxshilik — insonning fazilatli tanlovidir.

Haqiqiy yomonlik esa tashqi yo‘qotish emas, balki o‘sha yo‘qotish sabab insonning yolg‘on, zulm, hasad, kibr yoki xiyonatni tanlashidir.